24.02.2021

Litsey o‘quvchilari uchun chet tilini bilish darajasini aniqlash testi bepul tashkil etiladi — DTM

Mart-aprel oylarida Davlat test markazi tomonidan akademik litseylarning ikkinchi bosqich o‘quvchilari uchun to‘rtinchi semestr davomida chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish bo‘yicha test sinovlari bepul tarzda tashkil etiladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Фото: iStock

AOKAda Davlat test markazi tomonidan chet tilni bilish va egallash darajasini baholash bo‘yicha 2020 - 2021 yillarda o‘tkazilgan test sinovlari hisoboti va tahlili hamda sohaga oid boshqa masalalar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

DTM boshqarma boshlig‘i Javlonbek Nurmatov 2020 yilda bajarilgan ishlar va joriy yildagi jarayonlar haqida ma’lumot berdi.

«2020 yilda Davlat test markaziga chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash hamda davlat namunasidagi malaka sertifikatini olish uchun 1 355 nafar talabgor murojaat qildi.

Test sinovlari natijasiga muvofiq, jami 368 nafar talabgor chet tilini bilish darajasi haqida davlat namunasidagi malaka sertifikatini qo‘lga kiritdi. Ular ingliz (233), nemis (6), fransuz (1), arab (99), fors (2), turk (5), koreys (16), xitoy (5) va yapon (1) tillaridan malaka sertifikatiga ega bo‘ldi.

2021 yil yanvar oyida ushbu malaka sertifikatini olish maqsadida murojaat qilgan 437 nafar talabgordan 176 nafari sertifikatga ega bo‘ldi.

Fevral oyida o‘tkaziladigan test sinovi uchun 311 nafar talabgor ariza bilan murojaat qildi, test sinovi 24-26 fevral kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan», dedi DTM boshqarma boshlig‘i.

Ma’lum qilinishicha, chet tili o‘qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlariga oylik ustama belgilash imtihoni natijalariga ko‘ra 454 nafar o‘qituvchi imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan.

«Chet tili o‘qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlariga oylik ustama belgilash uchun may oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan test sinovlari pandemiya sababli o‘tkazilmadi.

Dekabr oyida o‘tkazilgan test sinovida esa jami 4 387 nafar turli ta’lim tizimidagi pedagoglardan 471 nafari birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tdi.

Test sinovining ikkinchi bosqichi («gapirish» ko‘nikmasini baholash imtihoni) esa 19-20 yanvar kunlari o‘tkazildi. Undan jami 454 nafar o‘qituvchi muvaffaqiyatli o‘tdi», dedi DTM boshqarma boshlig‘i.

Javlonbek Nurmatov Davlat test markazining 2021 yilgi rejalari to‘g‘risida ham ma’lumot berdi.

«2021 yil yakuniga qadar chet tillaridan yangi formatdagi ko‘p darajali test tizimini amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan. Mazkur tizim xalqaro ta’lim tizimi imtihonlariga mos kelishi bilan birgalikda, CEFR shkalasining B1-B2-C1 darajalarini o‘z ichiga olgan yagona shaklga ega bo‘ladi. Bunda barcha ko‘nikmalarni baholay oladigan yangi mezonlar ishlab chiqiladi.

Bu borada hozirgi kunda Davlat test markazi tomonidan nodavlat ta’lim markazlarida birinchi bosqich aprobatsiya ishlari o‘tkazilmoqda. Aprobatsiya tahlillari yaqin kunlarda Davlat test markazi saytida e’lon qilinadi.

Prezidentning “Iqtidorli yoshlarni saralab olish va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida 2021 mart-aprel oylarida DTM tomonidan akademik litseylarning ikkinchi bosqich o‘quvchilari uchun to‘rtinchi semestr davomida chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini berish bo‘yicha test sinovlari bepul tarzda tashkil etiladi.

Test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan akademik litsey bitiruvchilariga davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida fanlar majmuasiga kiritilgan mos chet tili fanidan maksimal ball olish huquqini beruvchi sertifikat taqdim etiladi», deya ta’kidladi DTM boshqarma boshlig‘i.

Izoh qoldirish

Izohlar

18.08.2021 09:06
yo'q